O‘zbekistonda yarim yilda 48 mingdan ortiq ayol-qizlar zo‘ravonlikka uchradi

3-sahifa

image

Joriy yilning birinchi yarim yilligida O‘zbekistonda ayol-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik 121 foizga ko‘paygan. Holat ortidan Senatning Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi a’zosi Malika Qodirxonova Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova nomiga senator so‘rovi yubordi. Bu haqda Oliy Majlis senati matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, so‘rov O‘zbekistonda xotin-qizlarning huquqlarini himoya qilish, tazyiq va zo‘ravonlik holatlarini bartaraf etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan yuborilgan. Senatorning ta’kidlashicha, qabul qilingan qonunlar va choralariga qaramay, so‘nggi yillarda ayollarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlari oshib bormoqda.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning birinchi yarmida respublika bo‘yicha 48 303 ta tazyiq va zo‘ravonlik holati qayd etilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 121 foizga ko‘p. Eng ko‘p holatlar Toshkent viloyatida (9 414 ta), Buxoro (5 612 ta), Qashqadaryo (5 268 ta) va Andijon viloyatlarida (4 808 ta) qayd etilgan. Shu davrda 930 nafar ayolga takroriy himoya orderlari berilgan.

Qayd etilishicha, senator so‘rovida qo‘mita va uning hududiy bo‘linmalari tomonidan tazyiq va zo‘ravonlikka olib keluvchi sabablarni aniqlash, profilaktik ishlarni kuchaytirish, vakolatli organlar bilan hamkorlikni rivojlantirish va mahallalarda xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikka murosasizlik muhitini shakllantirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirishlar taqdim etish so‘ralgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatining Angren shahrida voyaga yetmagan 15 yoshli qiz 4 nafar yigit tomonidan zo‘rlangani va uning Toshkent shahridagi ixtisoslashtirilgan tibbiy muassasaga yotqizilgani xabar qilingan edi.

Shuningdek, Toshkent viloyati tumanlaridan birida erkak o‘z qiziga zo‘ravonlik qilgani aniqlangandi. Sud qaroriga ko‘ra, erkak o‘z farzandiga nisbatan og‘ir jinoyat sodir etganlikda aybdor deb topilgan va unga 12 yil ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangan.


Maqola muallifi

Teglar

zo'ravonlik ayol-qizlar Malika Qodirxonova

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing